“Olimlar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

21-May 2026, 07:18
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Fizika fakultetida “Olimlar va yoshlar uchrashuvi” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, olimlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Tadbirni Qarshi davlat universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Bekpulatov Ilxom Rustamovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, f.m.f.d. professor Zaxidov Erkin Agzamovich “Oliy ta’lim tizimida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar” mavzusida ma’ruza qilib, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Tadbir davomida O‘zRFA U.A.Arifov nomidagi Ion plazma va lazer texnologiyalari instituti “Kondensirlangan muhitlar optikasi” laboratoriyasi mudiri, f.m.f.d. Quvondiqov Vahobjon Ortiqovich “Fotosintez tizimlarida yorug‘lik energiyasining yutilishi va fotoinduksiyalangan zaryadlar tashilishi mexanizmlari” mavzusida chiqish qildi. Shuningdek, institutning yetakchi ilmiy xodimi, f.m.f.d. Tajibayev Ilxomjon Ibroximjonovich “Perovskit quyosh elementlari: tadqiqotdan amaliyotga yo‘l xaritasi” mavzusida ma’ruza qilib, muqobil energiya manbalari yo‘nalishidagi zamonaviy ilmiy ishlanmalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tadbir yakunida Fizika fakulteti dekani Meyliyev Laziz Orziqulovich so‘zga chiqib, bunday uchrashuvlar yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.