Prezident islohotlari natijasi: QarDUda ta’lim va amaliyotni birlashtirgan “UniKids” maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi

1-Iyun 2026, 06:19
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti tasarrufida zamonaviy “UniKids” maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Qarshi shahrida joylashgan 240 o‘rinli ta’lim muassasasi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya” standarti hamda “Ilk qadam” davlat dasturi asosida zamonaviy o‘quv-metodik vositalar va axborot texnologiyalari bilan jihozlandi. Muassasada 3–7 yoshli bolalarga o‘zbek, rus va ingliz tillarida ta’lim-tarbiya beriladi. “UniKids” tarkibida zamonaviy laboratoriya faoliyat yuritib, undagi to‘rtta markaz bolalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, muassasa oliygohning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun dual ta’lim, malakaviy amaliyot hamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan amaliy maydon vazifasini bajaradi. Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur maskan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, maktabgacha ta’lim sifatini oshirish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Tadbir davomida bolajonlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Shundan so‘ng mehmonlar universitet rektori D.Nabiyev hamrohligida “UniKids” maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.