Qarshi davlat universitetida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi

17-Iyun 2026, 09:32
Universitet yangiliklari

Tadbir universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim jarayonidagi yangiliklar hamda talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi. Dastlab universitet rahbariyati tomonidan oliygohda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari universitetning zamonaviy infratuzilmasi va yangi obyektlari bilan tanishdilar. Jumladan, 5 qavatli Xorijiy tillar fakulteti o‘quv binosi, unda joylashgan “Institut Français de Karshi” fransuz tili markazi, Ingliz tili dasturlari, KOICA markazi, Nemis tili, Rus tili va Xitoy tili markazlari, Erasmus+ dasturlari ofisi, media studiya, sinxron tarjima auditoriyasi hamda zamonaviy ma’ruza zallari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, “Lochin” futbol klubi uchun barpo etilgan zamonaviy stadion majmuasi ham namoyish etildi. Proliga talablariga mos ravishda bunyod etilgan majmua tarkibidagi 1400 o‘rinli tribuna, sun’iy qoplamali yugurish yo‘lagi va ikki qavatli ma’muriy bino bilan tanishildi. Press-tur davomida yer osti sizot suvlarini “OSMOS” texnologiyasi orqali tozalab, toza suv ishlab chiqarish inshooti, Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi, Yoshlar markazi, Turizm amaliyot markazi, Tibbiyot fakulteti o‘quv binosi, Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi hamda 1-iyun kuni foydalanishga topshirilgan, universitet tasarrufidagi 240 o‘rinli “UniKids” maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati ham namoyish etildi. Tanishuv yakunida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga universitet mas'ullari tomonidan batafsil javob oldilar.