Qabul2026: Qarshi davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlarga start berildi

10-Iyul 2026, 07:56
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasidagi kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Erta tongdan imtihonlarga tashrif buyurgan abituriyentlarni universitet Qabul komissiyasi a’zolari kutib olib, imtihon jarayonlari, tartib-qoidalar hamda belgilangan talablar yuzasidan batafsil ma’lumot berdilar. Bugun sport faoliyati (kurash), adaptiv jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 200 nafardan ortiq abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etmoqda.  Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlariga qulaylik yaratish maqsadida imtihon jarayonlarini salqin kuzatuv zalida hamda https://live.qarshidu.uz/ platformasi orqali real vaqt rejimida onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. Imtihonlar o‘tkazilayotgan hududlarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari hamda tibbiyot xodimlari navbatchilik qilmoqda. Eslatma! Abituriyentlar imtihon o‘tkaziladigan binoga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta)ning asl nusxasi hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtda kelishlari so‘raladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 8–17-iyul kunlari davom etadi.