![](/uploads/2025/02/10/img_10022025_060620.jpg)
Tafakkur fazosining ikki quyoshi
Bugun Qarshi davlat universiteti faollar zalida hazrat mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Filologiya, San’atshunoslik fakultetlari hamda universitet Kutubxonasi hamkorligida “Tafakkur fazosining ikki quyoshi” mavzusida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi. Unda viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Egamov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir O‘roz Haydar, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Kuziyev, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi. Adabiy kechada g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, ma’naviy merosining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati, ulug‘ shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridagi komil inson g‘oyasining o‘ziga xos talqini xususida ma’ruzalar tinglandi. Tadbir davomida, shunindek, talabalar tomonidan Navoiy va Bobur ijodidan g'azallar o'qilib, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Mazmunli qo‘shiqlarning jonli ijrosi kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.