Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!
O‘qituvchi deganda inson dilini yoritguvchi, yorug‘likka eltuvchi, ziyo tarqatuvchi, o‘quvchilari qalbini zabt etguvchi kasb egalarini ko‘z oldimizga keltiramiz. O‘qituvchi inson qalbi kashfiyotchisi. Ummon qalb egasi, sabr tog‘ini kashf etguvchi, toqat hissiyotini jismida aks ettiruvchi, oqilalikda namuna bo‘lguvchi, ziyosi bilan barchani bahramand etuvchi, o‘z mehri bilan hurmat qozonuvchi kasb egalarini tushunamiz.
1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan viloyat musiqali drama teatrida “Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etdi. Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor O.Kuziyev universitet rektorining jamoaga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng teatr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan bayramona dastur namoyish etildi. Mashhur komedik spektakllardan ijro etilgan parchalar yig‘ilganlarga tabassum ulashgan bo'lsa, yoqimli kuy va qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi. Bayram tadbiri unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.