Qarshi davlat universitetining tarkibiy tuzilmasida o‘zgarishlar
Qarshi davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab yangi tasdiqlangan tarkibiy tuzilmaga muvofiq fakultetlar, kafedralar va ayrim tarkibiy bo‘linmalar faoliyatida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, faoliyat yo‘nalishlarini maqbullashtirish maqsadida mavjud fakultetlar birlashtirilib, quyidagi yangi fakultetlar tashkil etildi:
Fizika-matematika fakulteti;
Tabiiy fanlar va agronomiya fakulteti;
Iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar fakulteti;
Tillar fakulteti;
Pedagogika, sport va san’at fakulteti.
Shuningdek, Xalqaro hamkorlik va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘limi, Masofaviy ta’lim markazi, Xalqaro ilmiy laboratoriyalar markazi tashkil etildi. Kafedralar faoliyatida ham tegishli o‘zgarishlar amalga oshirilib, yangi kafedralar tashkil etildi, ayrimlari birlashtirildi va nomlari yangilandi. Jumladan, Roman-german tillari, Umumiy biologiya va fiziologiya, Moliya va bank ishi, Jamoat salomatligi va biotibbiyot fanlari kafedralari tashkil etildi. Shuningdek, Klinik anatomiya kafedrasi Klinik va fundamental tibbiyot fanlari, Agronomiya va ekologiya kafedrasi esa Ekologiya, yashil transformatsiya va agrokimyo kafedrasi etib qayta nomlandi. Mazkur o‘zgarishlar universitet boshqaruv tizimini takomillashtirish, ta’lim va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, takrorlanuvchi funksiyalarni bartaraf etish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilmoqda.