QARSHI DAVLAT UNIVERSITETINING RASMIY MUNOSABATI
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi davlat universitetida futbol to‘plari xaridi yuzasidan tarqatilgan xabarlar munosabati bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Qarshi davlat universitetining "Lochin" futbol klubi o‘z tarixida ilk bor 2026-yilgi mavsumdan Proliga musobaqalarida ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Professional futbol ligasining 2026-yilgi Proliga reglamentining 15.6-bandiga muvofiq, rasmiy uchrashuvlarda Liga tomonidan taqdim etilgan professional futbol to‘plaridan foydalaniladi, mashg‘ulotlar uchun esa klub professional futbol to‘plarini mustaqil ravishda xarid qilishi talab etiladi. Mazkur talablarni bajarish maqsadida 2026-yil 30-iyundagi №4906655-sonli shartnoma asosida 5 dona Adidas Tiro Pro rusumli professional futbol to‘pi har biri 1 550 000 so‘mdan xarid qilingan. Tovarlar belgilangan tartibda yetkazib berilgan bo‘lib, bu holat 2026-yil 7-iyuldagi №288-son hisobvaraq-faktura bilan tasdiqlangan. Hisobvaraq-fakturaga muvofiq universitet tomonidan 5 dona futbol to‘pi jami 7 750 000 so‘m qiymatda qabul qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan №4906656-sonli shartnoma esa yetkazib beruvchi tomonidan tovar o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi sababli bekor qilingan. Ushbu shartnoma bo‘yicha tovar qabul qilinmagan va budjet mablag‘lari sarflanmagan. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan "1 dona futbol to‘pi 1,5 million so‘mga xarid qilingan" degan xulosa haqiqatni to‘liq aks ettirmaydi. Chunki mazkur ma’lumot amalda ijro etilmagan, bekor qilingan shartnoma bilan bog‘liq holatni ham o‘z ichiga olgan. Qarshi davlat universitetida davlat xaridlari amaldagi qonunchilik talablari asosida ochiq elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Barcha xaridlar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va tasdiqlovchi hujjatlar bilan yuritiladi. Universitet jamoatchilikni xolislik tamoyiliga amal qilishga, xulosalar chiqarishda rasmiy hujjatlar hamda tasdiqlangan ma’lumotlarga tayanishga chaqiradi.