
Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi
Qadriyatlar – har bir millatning ma’naviy qiyofasini namoyon etadi. Buyuk mutafakkirlar ham qadriyatlar millat ma’naviyatining ko‘zgusi deb bejiz e’tirof etishmagan. Milliy qadriyatlar har bir millatning tili, urf-odatlari, tarixi, madaniyati, an’analarini, barcha moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Filologiya fakultetida fan o‘qituvchisi, dotsent Sh.Akramov tomonidan “Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi” mavzusida tashkil etilgan mahorat darsiga O‘zbekiston xalq baxshisi Mahmatmurod Rajabov taklif etildi. Dars mashg‘ulotida filologiya fanlari doktori, professor, folklorshunos olim N.Ochilov va fakultetning filologiya va tillarni o‘qitish: (o‘zbek tili) yo‘nalishi 1-bosqich talabalari ishtirok etdi. Mahorat darsi davomida Mahmatmurod Rajabov o‘zbek folklorining o‘rni, baxshichilik san’ati va maktabi, dostonchilik tarixi, ijro usullari va ustoz-shogird an’analari haqida to‘xtaldi. Shuningdek, baxshichilik san’ati namunalaridan parchalar ijro etdi. Mavzu yuzasidan talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.