
QarDU vakillari Turkiyadagi Barqaror rivojlanish kongressida
16–19-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “Times Higher Education” (THE) agentligi tomonidan tashkil etilgan “Global Sustainable Development Congress” (Barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro kongress) bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda iqlim o‘zgarishi, inklyuzivlik, ta’lim tizimining barqaror rivojlanishdagi o‘rni kabi global masalalar yuzasidan panel sessiyalar, seminar va muloqotlar tashkil etilmoqda. Kongressda 100 dan ortiq mamlakatning davlat va nodavlat tashkilotlari, universitetlar, vazirliklar vakillaridan iborat 5000 dan ziyod delegat ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida tashkil etilgan universitetlar ko‘rgazmasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Qarshi davlat universiteti ham o‘z pavilonini namoyish etmoqda. Xalqaro kongress davomida Turkiya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Filippin, Tayland va Pokiston kabi davlatlarning yetakchi universitet va tashkilotlari Qarshi davlat universitetiga katta qiziqish bildirmoqda. Tadbir davomida o‘zaro ma’lumot almashish, tajriba ulashish va hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish borasida samarali muzokaralar olib borilmoqda.