
QarDU – Istanbulda uchrashuvlar va yangi hamkorliklar
Ayni kunlarda Istanbul shahrida o‘tayotgan “Times Higher Education Global Sustainable Development Congress” doirasida Qarshi davlat universiteti uchun muhim ahamiyatga ega uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida universitet vakillari Times Higher Education’ning xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh xodimi Fil Beyti, xalqaro obunalar bo‘yicha mintaqaviy direktori Tom Arnott hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Lachin Italmazova bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda Qarshi davlat universitetining xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish, THE platformasidagi ma’lumotlar va reyting ko‘rsatkichlarini takomillashtirish, shuningdek, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvlar yakunida hamkorlarga universitet logotipi va milliy qadriyatlar aks etgan esdalik sovg‘alar topshirildi. Shu kuni Qarshi davlat universiteti Turkiyaning Anqara universiteti va Burdur M.A.Ersoy universiteti bilan akademik hamkorlikka oid memorandumlar imzoladi.