QarDU vakillari Universiti Sains Malaysia’da (USM) malaka oshirmoqda

30-Iyun 2025, 09:12
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Zulqaynar Nazirov hamda Xalqaro reytinglar va akkreditatsiya bo‘limi mutaxassisi Farrux Aminov xalqaro hamkorlik doirasida Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Universiti Sains Malaysia (USM)da qisqa muddatli stajirovka o‘tamoqdalar. Mazkur stajirovka Times Higher Education (THE) xalqaro reytingining Top-401–500 o‘rni va THE Impact Rankings barqarorlik reytingining Top-14 pog‘onasida qayd etilgan USM tajribasini o‘rganish, ta’lim sifatini oshirish, akkreditatsiya va reytinglarga tayyorlov tizimlari bilan tanishish maqsadida tashkil etildi. Stajirovka davomida universitet vakillari USMdagi qator markazlar va strukturaviy bo‘linmalar faoliyati bilan tanishdilar. Xususan, Ta’lim sifati markazi direktori, professor Irfan Naufal Umar boshchiligida ta’lim yo‘nalishlarini shakllantirish tartibi, o‘quv rejalarning Malayziya Ta’lim sifati agentligi standartlariga mosligi yuzasidan ma’lumotlar berildi. Shuningdek, muhandislik kampusidagi O‘zini-o‘zi akkreditatsiya qilish markazi direktori, professor Azura Rashid ishtirokida akkreditatsiya jarayonlari bo‘yicha tajriba almashildi. Dastur davomida Akademik salohiyatni rivojlantirish markazi, Tillar, savodxonlik va tarjima maktabi, Laboratoriya boshqaruv markazi, shuningdek Global arxeologik tadqiqot markazi faoliyatlari ham o‘rganildi. Ushbu tashriflar chog‘ida zamonaviy o‘qitish metodlari asosidagi malaka oshirish kurslari, barcha laboratoriya jihozlarini raqamli tizimda boshqarish imkoniyatlari, hamda ilmiy tadqiqot laboratoriyalari infratuzilmasi bilan yaqindan tanishildi. Mazkur stajirovka Qarshi davlat universiteti uchun xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ta’lim sifatini yanada takomillashtirish va reytinglarda munosib o‘rin egallash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.