
“O‘zbek matnshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi
Qarshi davlat universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi tomonidan 2025-yil 13–14-oktyabr kunlari “O‘zbek matnshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Tadbirni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Bekpo‘latov ochib berib, matnshunoslik va manbashunoslikning adabiyotshunoslikdagi o‘rni hamda Qarshi davlat universitetida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar haqida so‘z yuritdi. Anjumanga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti kabi oliy ta’lim muassasalari olimlari, shuningdek, Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdilar. Yalpi yig‘ilishda filologiya fanlari doktorlari, professorlar Nurboy Jabborov, Nafas Shodmonov, Husniddin Eshonqulov, Qo‘ldosh Pardayev, filologiya fanlari doktori, dotsent Shahobiddin Nuriddinov hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Abdimurod Arslonov ma’ruzalar bilan qatnashdilar. Anjuman davomida matnshunoslikning bugungi dolzarb muammolari muhokama qilinib, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar.