Ijara xonadonlarida yashovchi talabalar sharoitlari manzilli o‘rganiladi
Qarshi davlat universitetida yoshlar bilan ishlashga mas’ul xodimlar ishtirokida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev va tizim xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirni universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Oybek Kuziyev ochib berdi. U o‘z nutqida kuz-qish mavsumida talabalar xavfsizligini ta’minlash, ijarada yashovchi yoshlarning yashash sharoitlarini o‘rganish va issiqlik, elektr ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi. Farhod Mirzayev esa havo haroratining keskin pasayishi natijasida isitish vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuzaga keladigan is gazi bilan bog‘liq holatlar haqida ogohlantirdi. U nosoz yoki qo‘lbola isitish moslamalari, tozalanmagan mo‘rilar, fortochkalarning yopiq holda saqlanishi inson hayoti uchun katta xavf tug‘dirishini alohida qayd etdi. Tadbir davomida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan fakultetlarga biriktirilgan mas’ullar ijarada yashovchi talabalar xonadonlarini o‘rganishi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda yashayotgan talabalarni talabalar turar joylariga ko‘chirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, yig‘ilishda texnika xavfsizligi, sanitariya-gigiyena qoidalari, ovqatdan zaharlanishning oldini olish masalalari yuzasidan ham tushuntirish ishlari olib borildi. Ma’lumot uchun: Qarshi davlat universitetida 2025/2026 o‘quv yili kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 11-noyabrdan 20-dekabrga qadar “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilingan bo‘lib, ushbu davrda talabalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshiriladi.