Vafo va sadoqat timsoli

3-Mart 2025, 12:02
Universitet yangiliklari

Bahor O‘zbekistonda atoqli shoira, vafo va sadoqat timsoli – Zulfiyaxonim Isroilova tavallud topgan kun timsolida ham kirib keladi. Shu bois shoiraning nomi, ijodi, butun faoliyati bahor, ayol mehr-sadoqati, jonajon O‘zbekistonimiz, maftunkor tabiat bilan uyg‘un, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun Matematika va kompyuter ilmlari fakultetida "She'riyat tongining yulduzi" mavzusida tashkil etilgan tadbirda fakultet rahbariyati, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari va talaba-yoshlar jam bo‘ldi. 

Fakultet dekani N.Eshqorayeva, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi F.Klicheva shoira Zulfiya ijodida Vatanni, odamlarni, tabiat, borliqni sevish, qadrlash, hayotning, qadrdonlarning qadriga yetish, mehr-sadoqat, chin insoniylik, samimiyat tarannumi muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi. Tadbirda dasturiy injiniring yo‘nalishi talabalari tomonidan shoiraning jo‘shqin ijodiy faoliyati, turli sinovlarni yuksak insoniy fazilatlar bilan mardona yengib o‘tgan umr yo‘li kichik sahna ko‘rinishlari orqali namoyish qilindi. Go‘zal she’rlaridan namunalar o‘qildi.