
Sadoqat saroyining mangu malikasi
Bugun, 1-mart — O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun, bahorning ilk sanasi. Sana munosabati bilan Qarshi davlat universiteti Filologiya, Tarix, Tibbiyot, Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari, Pedagogika fakultetlari va 1-sonli talabalar turar joyida "Bahor keldi seni so‘roqlab", "Zulfiyaxonim xotirasini eslab", “Seni kuylayman, hayot!” "Zulfiyaxonim izdoshlari" mavzularida turli ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarda Zulfiyaxonimning boy adabiy merosi, insoniy fazilatlari, kechinmalari, chinakam ma’noda millat onasi ekanligi xususida keng so‘z yuritildi. E'tirof etilganidek, Zulfiyaxonim munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashagan o‘zbek ayoli, o‘zbek shoirasining timsolidir. Tadbirlar davomida shoiraning ijodiga oid viktorinalar o‘tkazildi, eng sara she’rlaridan namunalar o‘qildi. Sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, dilbar raqslar ijro etildi. Yakunda faol qatnashchilar rag‘batlantirildi.