3-mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni

3-Mart 2025, 12:11
Universitet yangiliklari

Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2013-yil 20-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirishdan iborat. Sana munosabati bilan Kimyo-biologiya, Geografiya va agronomiya fakultetlarida tadbirlar tashkil etildi. Aslida tabiatning yovvoyisi bo‘lmaydi. U xoh insonlar yashaydigan hudud, xoh bizdan olis manzil bo‘lsin bir butun zamin – Ona yerimiz hisoblanadi. Inson qadami yetib borgan yohud kamroq o‘zlashtirilgan hududlardagi hayvonot va o‘simlik olami biz uchun yovvoyi sanalsa-da, butun tiriklik olamidagi umumiy zanjirning bir halqasidir. Demak, yovvoyi sifatida qaralgan hayvon va o‘simliklarni ham birdek qadrlash, asrab-avaylash talab etiladi. Tadbirlarda ushbu sananing kelib chiqish tarixi, yurtimizda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish sohasida qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida tushuntirishlar berildi. Atrof-muhit va tabiat boyliklari, eng avvalo, jamiyat manfaatlari nuqtai nazaridan muhofaza qilinishi, ona tabiatning in’omlaridan nafaqat biz, balki kelajak avlodlarimiz ham bahramand bo‘lishi kerakligi keng targ‘ib qilindi.