QarDU magistrantining maqolasi xalqaro antologiyadan o‘rin oldi

16-Fevral 2026, 05:09
Universitet yangiliklari

Joriy yilning 6-fevral kuni Turkiyaning Alanya shahrida Baygenç nashriyoti tomonidan nashr etilgan "Ben Özbek kızıyım: Doğudan yükselen ses (Men o‘zbek qiziman: Sharqdan yuksalgan ovoz)" nomli xalqaro kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirga yurtimizdan 31 nafar o‘zbek xotin-qizlari ishtirok etdi. Ushbu jamoaviy antologiyada o‘zbek madaniyati, adabiyoti, tarixi, siyosati va iqtisodiy tuzilishi, shuningdek, tarixiy shaxslar haqida ham ma’lumotlar o‘rin olgan. Tadbir, shuningdek, o‘zbek ayollari va qizlarining ijodiy ishlarini birlashtirib, jamiyatda ayolning o‘rni, uning ijtimoiy faolligi va jamoat hayotidagi ahamiyatini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi. Ahamiyatlisi, ushbu nufuzli tadbirda Qarshi davlat universiteti Filologiya fakulteti 1-bosqich magistranti Sitora Qo‘ziyeva ham ishtirok etdi. Tadbirda so'z olgan talabamiz milliy o‘yinlarimizning yosh avlod tarbiyasi hamda jismoniy va ruhiy salomatlikdagi o‘rni haqida gapirib, antologiyaga kiritilgan maqolasining ahamiyati haqida batafsil tushuncha berdi. Ma’lumot uchun, talabamizning ushbu maqolasi Turkiyaning Baygenç nashriyoti hamda O‘zbekistonning "Shine" qizlar akademiyasi hamkorligida chop etilgan "Ben Özbek kızıyım: Doğudan yükselen ses (Men o‘zbek qiziman: Sharqdan yuksalgan ovoz)" xalqaro antologiyasiga "Özbekistan milli çocuk oyunları – halkın ruhu ve çocukluk sevinci (O‘zbek milliy bolalar o‘yinlari — xalq ruhi va bolalik quvonchi)" nomi bilan kiritildi.