Korrupsiyaga qarshi kurashning strategik asosi
Bugungi globallashuv sharoitida korrupsiya muammosi har bir davlat uchun jiddiy xavf hisoblanadi. U davlat boshqaruvi samaradorligini pasaytiradi, iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash masalasi O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash masalasiga alohida urg‘u berilib, uni faqat huquqiy muammo emas, balki jamiyat taraqqiyotiga tahdid soluvchi ijtimoiy illat sifatida baholash yondashuvi ilgari surilgan.
Respublika Prezidenti Murojaatnomasida korrupsiya “taraqqiyot yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri” sifatida ta’riflanadi. Ushbu ta’rif ilmiy nuqtayi nazardan to‘liq asosli bo‘lib, zamonaviy siyosiy-huquqiy nazariyalarda ham korrupsiya institutsional inqiroz omili sifatida e’tirof etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashning mohiyati Murojaatnomada quyidagi asosiy yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi:
· davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash;
· mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish;
· “inson omili”ni qisqartirish orqali raqamlashtirishni kengaytirish;
· fuqarolik jamiyati institutlarining nazoratdagi rolini oshirish.
Mazkur yondashuv korrupsiyani faqat jazolash orqali emas, balki uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish orqali yo‘q qilishga qaratilgani bilan ilmiy jihatdan progressiv hisoblanadi.
Ilmiy adabiyotlarda korrupsiya ko‘pincha huquqiy bo‘shliqlar, boshqaruvdagi markazlashuv, jamoatchilik nazoratining sustligi bilan bog‘liq holda yuzaga kelishi qayd etiladi. Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar aynan shu omillarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan:
· davlat xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli texnologiyalarning joriy etilishi;
· ochiq ma’lumotlar tizimini kengaytirish;
· sud-huquq tizimida mustaqillikni kuchaytirish
kabi chora-tadbirlar korrupsiyaning tizimli ildizlariga qarshi yo‘naltirilgan ilmiy asoslangan mexanizmlardir.
Bu esa Yangi O‘zbekistonning huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi izchil siyosatini tasdiqlaydi.
Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurash masalasining jamiyatdagi ma’naviy muhit bilan uzviy bog‘liqligi ta’kidlanadi. Bu yondashuv korrupsiyani faqat huquqiy hodisa emas, balki axloqiy muammo sifatida ham baholash zarurligini ko‘rsatadi.
Ilmiy nuqtayi nazardan, jamiyatda halollik, adolat va qonun ustuvorligi qadriyatlari mustahkamlanmas ekan, hech qanday huquqiy choralar kutilgan natijani bermaydi. Shu bois ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident Murojaatnomasida belgilangan korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari amalga oshirilishi natijasida quyidagi ijobiy natijalarga erishish mumkin:
· davlat boshqaruvi samaradorligi oshadi;
· investitsiyaviy muhit yaxshilanadi;
· aholining davlatga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi;
· qonun ustuvorligi real amaliyotda qaror topadi.
Ilmiy tahlillarga ko‘ra, korrupsiyaning qisqarishi iqtisodiy o‘sish sur’atlariga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda ijtimoiy adolat tamoyillarining qaror topishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurash masalasi chuqur ilmiy va amaliy asoslangan holda yoritilgan. Ushbu siyosat korrupsiyaga qarshi kurashni tizimli, kompleks va uzoq muddatli jarayon sifatida qarash zarurligini ko’rsatadi.
Mazkur yondashuv nafaqat bugungi kun muammolarini hal etishga, balki kelajak avlodlar uchun halol, adolatli va ochiq jamiyat barpo etishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oyalar O‘zbekistonning barqaror taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida ilmiy jihatdan e’tirof etiladi.
Qarshi davlat universiteti
professori Abdurahmon Yakubov