“Ma’rifat maydoni” — adabiyot va iqtidor bellashuvi
Qarshi davlat universiteti Filologiya fakultetida “Ma’rifat maydoni” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro innovatsion universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Qarshi davlat texnika universiteti, Qarshi davlat universiteti hamda Axborot texnologiyalari va menejment universiteti talabalaridan iborat jamoalar ishtirok etdi. Tanlov Nizomiga muvofiq, 12 nafargacha tarkibdagi jamoalar 3 shart — Adib hayoti, tezkor savol-javob hamda adiblar hayoti va ijodidan teatrlashtirilgan kompozitsiya asosida bellashdilar. Ko‘rik-tanlov to‘rt bosqichda o‘tkazilib, har bir bosqichda hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra faqat bittadan jamoa keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Mazkur tanlov talaba-yoshlarni adabiyotga oshno etish, ajdodlar merosini keng targ‘ib qilish va ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, 1-o‘rin Axborot texnologiyalari va menejment universitetining “O‘zbegim” jamoasiga, 2-o‘rin Qarshi davlat universitetining “Turkiston” jamoasiga, 3-o‘rin esa Shahrisabz davlat pedagogika institutining “O‘zbegim” hamda Xalqaro innovatsion universitetining “Hurriyat” jamoalariga nasib etdi.