
Munosabat
Inson uchun ona tili bilan birga xorijiy tillarni bilish dunyoga chiqishda juda muhim. Ayniqsa, tijoratda buning oʻrni beqiyos. Shavkat Mirziyoyev
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan ochiq va do‘stona muloqoti bo‘lib o‘tdi. Aytib o‘tish joyizki, yoshlar masalasi doimo davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolaveradi.Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish bilan bir qatorda xorijiy tillar o‘qitilishiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, yig‘ilish davomida hozirgi kunda zamon talabi hisoblanmish bir nechta xorijiy tillarni bilish Yangi O‘zbekiston yoshlariga dunyo eshiklarini keng ochib berishi aytib o‘tildi. Prezidentimiz tomonidan xorijiy tillar o‘qitilishini keng qamrovda va yuqori darajada yo‘lga qo‘yish borasida belgilab bergan vazifalariga hamohang tarzda Qarshi davlat universitetida ham turli xil xorijiy tillarga, ya’ni ingliz, fransuz, nemis, koreys va xitoy tillariga ixtisoslashtirilgan bir nechta zamonaviy Til o‘rgatish markazlari tashkil qilinib, xorijiy oliygohlardan tajribali mutaxassislar ishga jalb qilingan. Shu jumladan, fransuz tili o‘qitilishiga mo‘ljallangan Institut français til o‘rgatish markaziga Fransiyaning nufuzli Bordeaux-3 universitetidan FLE bo‘yicha mutaxassis Filip Rene Lyusi xonim taklif qilindi. Ma’lumot o‘rnida, Institut français til o‘rgatish markazi kelgusida Qashqadaryo viloyatining xorijiy til sifatida fransuz tili o‘qitiladigan 100 dan ziyod maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan 200 nafarga yaqin fransuz tili o‘qituvchilari uchun markazlashgan yagona o‘quv-metodik yordam ko‘rsatadigan HUB sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari ushbu markaz hozirda dolzarb bo‘lgan milliy va xalqaro DELF, DALF sertifikatlari olish uchun tayyorlov kurslarini, Toshkent Alyans Fransez tashkiloti bilan hamkorlikda DELF, DALF imtihonlarini o‘tkazish jarayonlarini, shuningdek, “Kelajak kasblari loyihasi” doirasida (French+Law, French+Business, French+Tourism, French+Hotel, gid-tarjimonlik) kabi kasbga yo‘naltirilgan maxsus til o‘rgatish kurslarini tashkil qilish hamda dunyoning frankofon davlatlari ish beruvchilari talablari asosida maqsadli tayyorlov kurslari va sinov testlari o‘tkazishga mo‘ljallangan. Shu bilan birga ushbu markazda viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari fransuz tili o‘qituvchilariga professional uslubiy tavsiyalar berish maqsadida yuqori malakali soha mutaxassislari tomonidan yozgi maktablar, xalqaro va respublika miqyosidagi seminar-trening va mahorat darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
A.Zoirova
Fransuz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati