Qabul2025: Qarshi davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

9-Iyul 2025, 11:47
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida 2025/2026-o‘quv yili qabuli uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi. Erta tongdan imtihonga tashrif buyurgan abituriyentlarni QarDU Qabul komissiyasi a’zolari kutib olib, sinovlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.  Bugun sport faoliyati: dzyudo, adaptiv jismoniy tarbiya va sport hamda dizayn: libos va gazlamalar kabi ta’lim yo‘nalishlarida 200 nafarga yaqin talabgorlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etmoqda. Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlariga qulaylik yaratish maqsadida salqin kuzatuv zalida imtihon jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, real vaqt rejimida https://live.qarshidu.uz/ havolasi orqali kuzatish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Ijodiy imtihonlar o‘tkazilayotgan hududlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun IIB hamda tibbiyot xodimlari jalb etilgan. Eslatma! Abituriyentlar imtihon boʻladigan binoga shaxsni tasdiqlovchi hujjat(pasport yoki ID karta) asl nusxasi hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan o'z vaqtida kelishi soʻraladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 7-iyuldan 15-iyulga qadar davom etadi.