
Pedagogika fakultetida yangi o‘quv yilining ilk uchrashuvi
2025/2026-o‘quv yili uchun Pedagogika fakultetiga qabul qilingan birinchi bosqich talabalari bilan universitet rahbariyati ishtirokida tanishuv yig‘ilishi tashkil etildi. Tadbirda rektor maslahatchisi A.Jo‘rayev, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i N.Pardaqulov hamda fakultet dekani I.Yo‘ldoshev qatnashdi. Mazkur uchrashuvda talabalarga oliygohda amal qilinadigan ichki intizom qoidalari, odob-axloq kodeksi, ta’lim jarayonining mohiyati va yo‘nalishlari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Asosiy e’tibor talabalarning universitet muhitiga tezda kirishib ketishiga, ularning huquq va burchlarini anglashiga hamda o‘qish jarayonidagi faol ishtirokiga qaratildi. Shuningdek, muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, o‘quv, ilmiy va madaniy faoliyat bo‘yicha foydali tavsiyalar oldilar. Shuni ta’kidlash joizki, mazkur turdagi uchrashuvlar Qarshi davlat universitetining barcha fakultetlarida o‘tkazilmoqda.