
Balli qizlar tanlovi — iqtidorlar maydoni
Bahor - ayyomlar faslidir. Jumladan, kecha yurtimizda vafo va sadoqat timsoli Zulfiyaxonim tavalludining 109 yilligi keng nishonlangan bo‘lsa, ko‘klamning ikkinchi haftasida 8-mart —Xotin-qizlar bayramini qarshi olamiz. So‘ngra navbat Navro‘z umumxalq shodiyonalariga. Bir so‘z bilan aytganda, fasllar kelinchagining har bir kuni xalqimizga olam-olam quvonch ulashadi.
Joriy yilning 1-mart kuni Filologiya fakultetida Zulfiyaxonim tavalludining 109 yilligi hamda "8-mart — xalqaro Xotin-qizlar kuni"ga bag‘ishlab "Balli qizlar" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ushbu bellashuv Filologiya va Xorijiy tillar fakultetlarining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchilari R.Saydullayeva, R.Nekboyeva hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti Filologiya fakulteti koordinatori N.Abdujalilova tashabbusi bilan tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlovda Filologiya va Xorijiy tillar fakultetlari talaba-qizlari ishtirok etdi. Qatnashchilar tanishtiruv, salat tayyorlash va erkin mavzu shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Tanlov hakamlari—N.Yuldosheva, D.Pardayeva hamda K.Dusyorova qizlarning har bir chiqishlarini adolat va xolislik bilan baholab borishdi. Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, raqs va qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi va katta taassurot qoldirdi. Tanlov yakunida g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.