Dehqonoboddagi kimyo sanoati: talabalar uchun amaliy bilim manbai
Geografiya va agronomiya fakulteti Geografiya yo‘nalishi 2-kurs talabalari dotsent F.Xushmurodov, o‘qituvchi I.Safarov hamda tyutor J.Ashurov rahbarligida Dehqonobod tumanida joylashgan “Asian Chemical Group” MChJ korxonasiga amaliy tashrif buyurdilar. Tashrif davomida talabalar hududdagi eng yirik kimyo sanoati korxonalaridan biri — kaliy o‘g‘itlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, korxonaning geografik joylashuvi, xom-ashyo bazasi, ishlab chiqarish hajmi, eksport qilinadigan davlatlar geografiyasi hamda zamonaviy texnologik jarayonlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan qoldiqlar asosida shakllangan “sun’iy tog‘” fenomeni ham talabalar e’tiborini tortdi. Mutaxassislar tomonidan o‘g‘itlarning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni va ahamiyati keng tushuntirib berildi. Amaliy tashrif doirasida talabalar zavoddan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan asosiy xom-ashyo qazib olinadigan shaxta faoliyati bilan ham tanishib, uning zahiralari hamda kunlik qazib olish quvvati haqida bevosita ma’lumotlar oldilar.