Zulfiya - sadoqat saroyining mangu malikasi
Bugun, 1-mart — O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun, bahorning ilk sanasi. Sana munosabati bilan ta’lim muassasalarida, yurtimizning barcha go‘shalarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Qarshi davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti 6-sonli talabalar turar joyida, Matematika va kompyuter ilmlari 3-sonli talabalar turar joyida, Noorganik kimyo kafedrasi tomonidan 8-sonli talabalar turar joyida, Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari kafedrasi tomonidan Qarshi shahar madaniyat markazida, Fizika fakulteti Sanoat muhandisligi kafedrasi tomonidan, shuningdek, Geografiya va agronomiya, Kimyo-biologiya, Tarix, Xorijiy tillar, Sport fakultetlarida jamoat arbobi, sadoqat va vafo kuychisi, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavalludining 109 yilligiga bag‘ishlab, “Zulfiya - sadoqat timsoli” mavzusida turli adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbir avvalida Zulfiyaxonimning boy adabiy merosi, insoniy fazilatlari, kechinmalari, chinakam ma’noda millat onasi ekanligi xususida keng so‘z yuritildi. E''tirof etilganidek, Zulfiyaxonim munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashagan o‘zbek ayoli, o‘zbek shoirasining timsolidir. Tadbirlarda shoiraning ijodiga oid viktorinalar o‘tkazildi, eng sara she’rlaridan namunalar o‘qildi. Sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, dilbar raqslar ijro etildi. Yakunda faol qatnashchilar rag‘batlantirildi.










