Qarshi davlat universiteti nufuzli xalqaro reyting tashkiloti — QS (Quacquarelli Symonds) tomonidan e’lon qilingan QS Asia University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra Osiyodagi yetakchi universitetlar qatoridan munosib o‘rin egalladi.
Mazkur reyting natijalariga binoan, Qarshi davlat universiteti Osiyo qit’asidagi 1534 universitetlar orasida TOP–1000 talikdan joy oldi hamda 901–950 o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi. Ayniqsa, Qarshi davlat universiteti Markaziy Osiyo universitetlari orasida TOP–100 talikka kirib, 52-o‘rinni egallagani e’tiborga molik yutuq hisoblanadi.
Ushbu natijalar universitetning ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot salohiyati, akademik nufuzi, ish beruvchilar orasidagi obro‘si hamda xalqaro hamkorlik faoliyati izchil rivojlanib borayotganini tasdiqlaydi. QS reytingi baholash tizimi akademik obro‘-e’tibor, bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati, ilmiy tadqiqotlarning ta’siri kabi muhim mezonlarga asoslanadi.
Ushbu natija Qarshi davlat universiteti tarixidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘lib, jamoaning fidokorona mehnati, strategik rivojlanish yo‘nalishlari va xalqaro standartlarga mos islohotlarning amaliy natijasidir. Universitet kelgusida ham ta’lim va ilm-fan sohasida sifatni oshirish, innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida izchil faoliyatini davom ettiradi.